Futzalda yangi sahifa: «ÖFF Prezidenti kubogi» musobaqasiga start berilmoqda
Oʻzbekiston futzal federatsiyasi futzal rivoji yoʻlida yana bir muhim qadam tashladi — mamlakatimizda ilk bor “ÖFF Prezidenti kubogi” musobaqasi tashkil etilmoqda. Mazkur turnir havaskor jamoalar oʻrtasida oʻtkaziladi va kelgusida futzalga qiziquvchi ommaviy qatlam uchun muhim maydonga aylanishi kutilmoqda.
Bugun mazkur turnirning saralash bosqichiga qur'a tashlanadi. Saralashda ishtirok etish istagini bildirgan jamoalar soni koʻp boʻlganiga qaramasdan, faqatgina musobaqa talablariga toʻliq javob bergan 16 jamoa saralab olindi. Ular quyidagilar:
IIV
“Bojxona qoʻmitasi”
TATU
“UzAirports”
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
“Istiqlol”
“Geologlar”
“Narkokontrol”
“Parma”
“Kamol Construction”
“Ta'lim agentligi”
"Agrosanoat”
“Xalq banki”
“Dabro”
"SQB"
“Powerstove”
Qur'a tashlash jarayoni unchalik murakkab emas. 16 jamoa ikkita savatga ajratiladi. Bunda, muqaddam oʻtkazib kelingan havaskorlar musobaqalarining doimiy qatnashchilari (8 jamoa) birinchi savatga, nisbatan yangi va debyut qiluvchilar (8 jamoa) esa ikkinchi savatga joylashtiriladi.
Saralash oʻyinlari joriy yilning 18-19-oktabr sanasida, TATU sport zalida boʻlib oʻtadi. Bitta oʻyindan iborat uchrashuvlarda gʻolib chiqqan jamoalar “ÖFF Prezidenti kubogi” musobaqasining guruh bosqichiga yoʻllanma oladi.
Guruh bosqichida saralash oʻyinlari gʻoliblari safiga BMB hamda Oʻzbekiston U-16 terma jamoalari qoʻshiladi. Musobaqaning guruh bosqichiga 2025-yil 8-noyabr kuni start beriladi.