Futzal. «Zarafshon» yangi mavsumga tayyorgarlikni davom ettirmoqda
Navoiy viloyatida qaytadan tashkil etilgan va katta maqsadlarni ko’zlab yangi mavsumga hozirlik ko’rayotgan “Zarafshon” PFC jamoasining mashg‘ulot jarayoni klub rahbariyati tomonidan ham yaqindan kuzatib borilmoqda.
Kuni kecha jamoatchilik asosidagi klub prezidenti Jamshid Xodjayev hamda Navoiy viloyati futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Dilmurod Davronovlar jamoa mashg‘ulotlari jarayoniga tashrif buyurishdi va murabbiylar shtabi hamda futzalchilar bilan muloqot o’tkazishdi.
Dastlab Jamshid Xodjayev bosh murabbiy Abdulla Bo‘riyev bilan jamoaning ayni paytdagi tayyorgarlik holati, tarkibning imkoniyatlari hamda yangi mavsum oldidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashdi.
Shundan so‘ng futzalchilar bilan uchrashib, ularga yaratilgan shart-sharoitlar, jamoaning ruhiy va jismoniy holati bilan qiziqdi. Muloqot davomida jamoaning Oliy liga bahslarida yuqori natijalar qayd etib, sovrinli o’rinlar uchun kurash olib borishi borasida aniq maqsad va strategik vazifalar belgilab olindi.