Futzal. Yoshlar terma jamoasi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini yakunladi
Xabar berganimizdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Terma jamoalar markazi sport zalida futzal bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining mavsumoldi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini bo'lib o'tdi. Bugun kunning birinchi yarmida so'nggi mashg'ulot o'tkazildi.
Nodir Eliboyev boshchiligidagi murabbiylar shtabi to‘rt kun davomida yig‘inga jalb etilgan futzalchilarning jismoniy holatini tiklashga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, taktik tayyorgarlikni takomillashtirish, avval o‘zlashtirilgan bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash yo‘nalishida tizimli mashg‘ulotlar olib borildi.
Mashg‘ulotlar davomida standart vaziyatlardan samarali foydalanish, raqiblarning turli taktik uslublariga qarshi o‘yin modelini shakllantirish va amaliy jihatdan sinovdan o‘tkazish ustida ham ish olib borildi.
Qayd etish joizki, yoshlar terma jamoasi tarkibidagi aksariyat futzalchilar Oliy liga klublari safida faoliyat yuritadi. Yig‘in yakunida ularga klub mashg‘ulotlarida yuqori intensivlikda ishtirok etish hamda terma jamoada egallangan bilim va ko‘nikmalarni yanada rivojlantirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.