Futzal. O'zbekiston terma jamosi bosh murabbiyi Xose Mariya Mendes Toshkentga yetib keldi
Bugun futzal bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi, ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Mendes mamlakatimizga yetib keldi. Uni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O'zbekiston futzal federatsiyasi mas`ul xodimlari kutib olishdi.
Ispaniyalik murabbiy shu yerning o'zida matbout xizmatimizga qisqacha intervyu berdi:
- O‘zbekiston terma jamoasi Bosh murabbiyi lavozimiga tayinlanganimdan xursandman. Bu mamlakat bilan bog‘liq menda juda iliq xotiralar bor. O‘zbek futzalida katta rivojlanish kuzatyapman, yangi avlod futzalchilari ulg‘ayib kelmoqda. Mening kuzatishlarimcha, O‘zbekistonda futzal rivojlanishi uchun yaxshi sharoitlar yaratilmoqda. O‘zbekiston futzalini yanada yuqori bosqichlarga olib chiqishda o‘z hissamni qo‘shish uchun imkoniyat berilganidan xursandman. Avvalambor, futzalchilar bilan yaqindan tanishishim, ularning mahorati, qobiliyati va salohiyatini o'rganishim lozim. Shunga muvofiq keyin mashg‘ulotlar rejasini ishlab chiqamiz.