Futzal. O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi bugun guruh bahslarini yakunlashadi
Shu kunlarda Bahrayn qirolligida sportning 28 turi bo‘yicha III Osiyo yoshlar o‘yinlari davom etmoqda.
Futzal turi bo‘yicha mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bugun guruhdagi so‘nggi va ayni paytda juda muhim bo‘lgan uchrashuvni o‘tkazishadi. Dilshod Rahmatov shogirdlari musobaqa mezbonlari – Bahrayn terma jamoasiga qarshi maydonga chiqishadi.
Musobaqaning ilk uchrashuvida kuchli bosim hamda hayajon ostida o‘smirlarimiz Afg‘oniston terma jamoasiga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Ikkinchi tur oldidan O‘FF prezidenti Bekzod Mamatqulov Yevropada turib terma jamoamiz murabbiylar shtabi hamda futzalchilar bilan onlayn muloqot o‘tkazdi. Kecha o‘smirlarimizning katta hududiy ustunligi ostida kechgan bahsda O‘zbekiston terma jamoasi Xitoy bilan 2:2 hisobidagi durangga imzo chekdi.
Ayni paytda “A” guruhidan Afg‘oniston keyingi bosqich vazifasini hal etib bo‘ldi. Xitoy hisobida esa 4 ochko mavjud. Osiyo o‘yinlarining pley-off bosqichiga chiqish uchun bugun Dilshod Rahmatov boshchiligidagi o‘smirlarimiz Bahraynni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratishi, o‘z navbatida Xitoy Afg‘onistonga imkoniyatni boy berishi kerak bo‘ladi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston – Xitoy uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 17:00 da boshlansa, O‘zbekiston – Bahrayn bahsi soat 00:30 ga rejalashtirilgan.
“B” guruhida esa har ikkala yarim final ishtirokchilari muddatidan oldin aniqlandi. Eron hamda Tailand terma jamoalari Qirg‘iziston hamda Saudiya Arabistoni ustidan g‘alaba qozonishib, pley-off yo‘llanmasini rasmiylashtirishdi. Bugun ularning o‘zaro uchrashuvi guruh g‘olibi nomini aniqlab beradi