locale OZ

Futzal. O‘zbekiston bronza medali uchun kurashadi

11-noyabr sanasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi mezbonlarga qarshi bronza medali uchun kurash olib boradi.
Boshqa sport turlari
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Futzal. O‘zbekiston bronza medali uchun kurashadi
Фото: Ўзбекистон футзали

VI Islom birdamligi o‘yinlarining futzal bahslari yakuniga yetib bormoqda. Kecha kuchli to‘rtlik jamoalari yarim final o‘yinlarida maydonga chiqishdi.

Mamlakatimiz milliy terma jamoasi Osiyo grandi – Eron Islom Respublikasi futzalchilari bilan kuch sinashdi.

Dastlabki daqiqalardanoq har ikkala jamoa g‘alaba ishtiyoqida yonganligi yaqqol sezilib turdi. Yaratilgan vaziyatlardan birinchi bo‘lib O‘zbekiston terma jamoasi unumli foydalandi. 5-daqiqada Mashrab Odilovning burchakdan uzatgan to‘pini Shahzodjon Sa’diev darvozaga yo‘naltirib qo‘ydi – 1:0. Eronliklar oradan ikki daqiqa o‘tib hisobni tenglashtirishdi. Muxlislar birinchi taymda boshqa gol ko‘rishmadi.

Ikkinchi taym ham jamoalarning o‘zaro hujumlari ostida o‘tdi. Bu safar birinchi bo‘lib raqiblarimiz muvaffaqiyatga erishishdi. 29-daqiqada eronliklar gol urgani bo‘lsa, oradan bir daqiqa o‘tmay Akbar Usmonov olisdan bergan kuchli zarbasi evaziga hisobni tenglashtirdi. Ammo tajriba va mahorat o‘z so‘zini aytdi. Qolaversa, futbol omadi ham shu kuni eronliklar tomonida bo‘ldi. Raqibning ikki goliga Nodir Eliboyev shogirdlari bu gal javob qaytara olishmadi – 2:4.

Ikkinchi yarim finalda Afrikaning eng kuchli jamoasi – Marokash terma jamoasi mezbonlar – Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi to‘p surdi. Mazkur uchrashuvning birinchi taymida hisob ochilmagan bo‘lsa, ikkinchi taymda muxlislar 9 ta golning shohidi bo‘lishdi. Ularning oltitasi maydon egalari darvozasidan joy oldi – 6:3.

Shu tariqa, 11-noyabr sanasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi mezbonlarga qarshi bronza medali uchun kurash olib borsa, Afrika hamda Osiyo qit’asi yetakchilari VI Islom birdamligi o‘yinlarining g‘olibi nomini aniqlab berishadi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting