Futzal. Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi uchun Osiyo kubogi yakunlandi
Xitoy Xalq Respublikasining Hohhot shahrida davom etayotgan Osiyo kubogi guruh bosqichi bahslari poyoniga yetdi.

Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi A guruhida musobaqa mezbonlari – Xitoy, shuningdek, Xitoy Taypeyi hamda Avstraliya terma jamoalariga qarshi bahs olib bordi.

Farrux Zokirov boshchiligidagi qizlarimiz dastlabki uchrashuvda Xitoy Taypeyi terma jamoasiga imkoniyatni boy berib qoʻygach, ikkinchi turda kuchli raqib – Avstraliya ustidan ishonchli tarzda gʻalaba qozondi. Shu oʻrinda qayd etish kerak, qizlarimiz qitʼa chempionatining yanvar oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan saralash bahslarida yashil qitʼa vakillariga imkoniyatni boy berib qoʻyishgandi. Hohhot arenada esa Oʻzbekiston terma jamoasi poytaxtimizdagi magʻlubiyat uchun ham revansh olishdi.

Guruhdagi soʻnggi oʻyinda qizlarimiz sport arenasini toʻldirib oʻtirgan, minglab muxlislari qoʻllab quvvatlab turgan maydon egalariga qarshi oʻynadi. Uchrashuvning oson kechmasligi oldindan taxmin qilingandi. Shunday boʻlsada, terma jamoamiz raqibning tinimsiz hujumlari, katta bosimga bardosh bera oldi.

32-daqiqagacha maydon egalari bilan tengma teng kurash olib borishdi. Qarshi hujumlardan birida Xitoy darvozasi ishgʻol etildi va hisobni tenglashtirishdi. Shundan keyin ham qizlarimizda gollik vaziyatlar boʻldi. Afsuski, yaratilgan vaziyatlardan foydalanishda omad kulib boqmadi.

Qizlarimizga biroz tajriba, oʻyin amaliyoti, mahorat yetishmadi. Futbolda esa “sen gol urmasang, senga urishadi” degan oʻzgarmas qoida bor. Bu uchrashuvda ham shu holat oʻz isbotini topdi. Xitoyliklar soʻnggi daqiqalarda gʻalaba golini kiritishdi.