Formula-1. «Mercedes» jamoasining loyiha direktori isteʼfoga chiqadi
«Mercedes» jamoasida bolidlarni loyihalash bo‘yicha direktor lavozimini egallab kelgan Jon Ouen o‘z vazifasini tark etadi. Bu haqda The Race nashri xabar bermoqda.
Ouen Formula-1’dagi faoliyatini «Zauber» jamoasida boshlagan. 2007 yilda u Brekli shahrida joylashgan jamoaga o‘tgan bo‘lib, o‘sha vaqtda mazkur kollektiv «Honda»ning zavod jamoasi sifatida ishtirok etardi. Mutaxassis «Mercedes»ning zamonaviy davrdagi barcha chempionlik bolidlarini yaratishda bevosita ishtirok etgan.
Vakolatlarni topshirish jarayoni yakunlangach, bolidlarni loyihalash bo‘yicha yangi direktor etib Jakomo Tortora tayinlanadi. Jon Ouen mavsum o‘rtalarigacha jamoada qolib, o‘tish jarayoni muammosiz kechishini ta’minlaydi. Shundan so‘ng u faoliyatida tanaffus olishni rejalashtirgan.