Formula-1 2031 yildan boshlab gibrid dvigatellardan voz kechishni muhokama qilmoqda
Avtopoygalarning nufuzli turi hisoblangan Formula-1 rahbariyati 2031 yildan kuchga kirishi kutilayotgan yangi dvigatel formulasi bo‘yicha dastlabki tafsilotlarni ko‘rib chiqmoqda. Germaniyaning nufuzli Auto Motor und Sport nashri xabariga ko‘ra, agar to‘liq uglerod-neytral yoqilg‘idan foydalanishga o‘tilsa, nazariy jihatdan dvigatellarning gibrid qismidan butunlay voz kechish imkoniyati mavjud. Bu esa o‘z navbatida atmosferali dvigatellarning poygalarga qaytishiga yo‘l ochishi mumkin.
Biroq, yirik avtoishlab chiqaruvchilar ushbu taklifga qarshi chiqishlari ehtimoli yuqori, chunki zamonaviy seriyali avtomobillarda turbodvigatellardan keng foydalaniladi. Shu sababli, ayni damda muhokama qilinayotgan variantlar orasida 2,4 litrli V8 turbodvigateli asosiy favorit bo‘lib turibdi.
Ushbu texnik o‘zgarishlar zaminida uzoq yillik rivojlanish tarixi yotibdi. Xususan, 2014 yildan buyon Formula-1da 1,6 litrli V6 gibrid texnikasidan foydalanib kelinmoqda. 2026 yilgi mavsumdan boshlab esa dvigatelning gibrid qismi quvvati 350 kVtgaacha oshirilishi belgilangan bo‘lib, bu umumiy quvvatning deyarli yarmi elektr batayareyalari hisobidan qoplanishini anglatadi. 2031 yilgi yangi reglament esa poygalarning nafaqat texnik ko‘rsatkichlarini, balki ularning muxlislar uchun jozibadorligini, xususan, motor ovozi darajasini ham tubdan yaxshilashi kutilmoqda.