FIAS ishchi guruhi Toshkentda Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi
Xabaringiz bor, shu yil noyabr oyida Toshkent shahri sambo bo‘yicha yubiley – 50-Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.
Bunday nufuzli turnirning mamlakatimizga ishonib topshirilishi, albatta, Xalqaro sambo federatsiyasining yurtimizga bo‘lgan ishonchi namunasi hisoblanadi. O‘z navbatida, bunday yirik musobaqaga tayyorgarlik ham o‘ziga yarasha mas’uliyat talab etadi.
O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi esa allaqachon musobaqaning tashkiliy jarayonlariga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Tayyorlik bilan tanishish uchun Xalqaro sambo federatsiyasining ishchi guruhi Toshkentda mehmon bo‘ldi.
Ishchi guruh tarkibida Xalqaro sambo federatsiyasi prezidenti apparati rahbari Oleg Artyomyuk, sport direktori Sergey Tabakov kabi mutaxassislar Toshkentda bo‘lishdi.
Ularga yurtimizda Jahon chempionati uchun olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari namoyish etildi. Jarayonlarda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Avazjon Karimov, Osiyo-Okeaniya sambo uyushmasi prezidenti Alamjon Mullaev, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov, rais o‘rinbosari Islom Adilov ishchi guruhga hamrohlik qildi.
FIAS vakillari musobaqa o‘tkaziladigan arena, mehmonxonalar va boshqa bir qator manzillarni borib ko‘rishdi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqa 6-8 noyabr kunlari Toshkentda, Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladi.