FIA 2026 yilgi dvigatel qurilmalariga oid yangi oʻzgartirish kiritdi
Xalqaro avtomobil sporti federatsiyasi (FIA) 2026 yilgi Formula-1 mavsumi uchun kuch qurilmalariga oid qoidalarni yanada qat’iylashtirdi va yoqilg‘i sarfi o‘lchagichlarining haroratini boshqarish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy «bo‘shliq»ni yopdi. Bu haqda Racing News 365 nashri xabar bermoqda.
Dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Butunjahon avtosport kengashi yig‘ilishida reglamentdagi «Yoqilg‘i sarfi o‘lchagichini ataylab isitish yoki sovitish taqiqlanadi» degan jumla yanada qat’iyroq talqin bilan almashtirildi: «Yoqilg‘i sarfi o‘lchagichining haroratini o‘zgartirishni maqsad qilgan har qanday qurilma, tizim yoki protsedura taqiqlanadi». Ushbu o‘zgarish jamoalarga «ataylab» degan iborani chetlab o‘tib, qurilma ko‘rsatkichlariga bilvosita ta’sir ko‘rsatish imkonini bergan talqinlarni butunlay yo‘qqa chiqaradi.
Yangi qoidalar 2026 yildan boshlab to‘liq ekologik toza yoqilg‘iga o‘tilishi hamda hozirgi massaviy sarf limiti (100 kg/soat) o‘rniga energiya oqimi limiti (3000 MJ/soat) joriy etilishi bilan bog‘liq. Barcha jamoalar Allengra kompaniyasi ishlab chiqargan yagona standart ultratovushli yoqilg‘i sarfi o‘lchagichidan foydalanadi. Nazariy jihatdan, ushbu qurilma haroratining o‘zgarishi o‘lchov aniqligiga yoki yoqilg‘i tarkibi ko‘rsatkichlariga ta’sir qilib, texnik ustunlik berishi mumkin edi.
Avvalroq paddokda dvigatellar reglamentida siqish darajasi bilan bog‘liq ehtimoliy «bo‘shliq» muhokama qilingan, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uni «Mersedes» jamoasi aniqlagan bo‘lishi mumkin.