«Fenerbahche» voleybol klubi tamaki chekkani uchun Erven Ngapet bilan shartnomani bekor qildi
Turkiyaning «Fenerbahche» erkaklar voleybol klubi ikki karra Olimpiada chempioni, fransiyalik hujumchi Erven Ngapet bilan hamkorlikni to‘xtatganini e’lon qildi. Klub matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan rasmiy bayonotga ko‘ra, tomonlar o‘zaro kelishuv asosida shartnomani bekor qilishgan.
Biroq Turkiyaning nufuzli sport nashrlari, xususan, Sporx tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, shartnomaning bekor qilinishiga intizomiy qoidabuzarlik sabab bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, 35 yoshli sportchi Efeler ligasining so‘nggi turidan o‘rin olgan «Gebze»ga qarshi uchrashuv oldidan, jamoaning chigalyozdi mashg‘ulotlari vaqtida arena yaqinida tamaki mahsulotini iste’mol qilayotganida ko‘rib qolingan. Sportchining ushbu holati aks etgan suratlar muxlislarning keskin e’tirozlariga sabab bo‘ldi, natijada klub rahbariyati Ngapet bilan xayrlashishga qaror qildi.
Eslatib o‘tamiz, Erven Ngapet «Fenerbahche» safiga 2024 yilning dekabr oyida kelib qo‘shilgan edi.