Farg‘onada sambo bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlandi
Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasida sambo bo‘yicha kattalar (erkaklar va ayollar) o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati o‘z yakuniga yetdi.
Nufuzli musobaqada respublikamizning barcha hududlaridan 450 nafardan ziyod sportchilar ishtirok etib, g‘oliblik uchun murosasiz bahs olib bordi. Chempionat mamlakatimizda sambo sport turini yanada ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralab olish hamda terma jamoa zaxirasini mustahkamlashga xizmat qildi.
Bellashuvlar murosasiz va tomoshabop ruhda o‘tib, har bir vazn toifasida munosib g‘olib hamda sovrindorlar aniqlandi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Sambo assotsiatsiyasi rahbariyati, viloyat sambo assotsiatsiyasi mutasaddilari, Sport boshqarmasi vakillari, murabbiylar, soha mutaxassislari ishtirok etdi. G‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.