Fajr Cup xalqaro turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 15 ta medalni qo‘lga kiritgan og‘ir atletikachilarimiz yurtimizga qaytib kelishdi
Ma’lumki, Eron poytaxti Tehronda oltinchi “Fajr Cup” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yuqori mahorat namoyish etib, jami 5 ta oltin, 8 ta kumush hamda 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Umumjamoa hisobida esa terma jamoamiz faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.
Bugun tunda muzaffar atletlarimiz yurtimizga qaytib keldi. Ularni O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi mutasaddilari, terma jamoa murabbiylari, sportchilarning yaqinlari va muxlislar qarshi olishdi.
Federatsiya bosh kotibi Olimjon Maxmudov sportchi va murabbiylarimizni ushbu yuksak natijalar bilan tabriklar ekan, bunday g‘alabalar yurtimizda sport sohasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor hamda yaratilayotgan sharoitlarning amaliy samarasini ifoda etishini ta’kidladi. Shuningdek, terma jamoamizga kelgusidagi yirik musobaqalarda ham ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.