locale OZ

F1. George Russell haqida

U shuncha yil Williamsdagi qiyinchiliklar va Mercedesdagi mehnatlaridan keyin nihoyat chempion bo‘la oladimi?
Boshqa sport turlari
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
F1. George Russell haqida
photo: F1

George Russell - 1998 yilda Buyuk Britaniyaning King’s Lynn shahrida tug‘ilgan. Uning ota-onasi avtosport bilan bog‘liq bo‘lmagan. Otasi Steve Russell urug‘ va qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq biznesga ega bo‘lgan va aynan u Georgeni poygachi sifatida shakllanishida moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlagan. Onasi Alison Russell esa ko‘proq ruhiy jihatdan yordam bergan.

George karting faoliyatini 2006-yilda boshlagan. U tez orada Britaniyadagi ko‘plab karting seriyalarida g‘alaba qozona boshladi. 2011-yilda u KF3 klassiga o‘tdi va u yerda Alex Albon hamda Charles Leclerc bilan bir jamoada qatnashdi.

2014 yilda George Formula 4’da debyut qildi. U mavsumning deyarli barchasida chempionatni boshqardi, lekin oxirgi poyga oldidan yetakchilikni boy berdi. Shunga qaramay, yakuniy poygada g‘alaba qozonib, chempionlikni qo‘lga kiritdi.

2015 yilda u Evropa Formula 3’da Carlin jamoasi safida qatnashdi. U 1ta g‘alaba va 3ta podium qo‘lga kiritib, umumiy hisobda 6-o‘rinni egalladi. Ko‘pchilik uning saralashdagi tezligi unchalik kuchli emasligini aytgan, ammo poygadagi tezligi va toza obgonlari juda yuqori darajada edi. U debyutantlar orasida ikkinchi bo‘ldi (Leclercdan keyin).

2016 yil George uchun hal qiluvchi yil bo‘ldi, chunki u Mercedes yunior jamoasiga qo‘shilishni maqsad qilgan edi. O‘sha paytda ko‘pchilik jamoalarda faqat bitta junior haydovchi bo‘lgan. George hatto “Nega jamoa meni tanlashi kerak” mavzusida PowerPoint prezentatsiyasini ham qilgan. Toto Wolff uni tanladi, lekin F1’ga chiqish uchun GP3 va Formula 2’da chempion bo‘lish shartini qo’ydi.

2017 yilda u GP3 seriyasida ajoyib mavsum o‘tkazdi: so‘nggi 7 poyganing 6tasida jamoasi g‘alaba qozondi. George mavsum tugashiga 2 poyga qolganida chempionlikni qo‘lga kiritdi va Jack Aitkenni 79 ochkoga ortda qoldirdi.

2018 yilda Formula 2 juda raqobatli bo‘ldi. Bu yerda Lando Noriis, Alex Albon va Nicholas Latifi ham qatnashgan. Norris 10ta poygadan keyin yetakchi edi, lekin George kuchli qaytish qilib, 6 poyganing 5tasida 1-2 o‘rinni oldi va yakunda Norrisni 68 ochkoga ortda qoldirib chempion bo‘ldi.

2019 yilda u Formula 1’da Williams jamoasi safida debyut qildi. Bu juda qiyin davr edi, chunki jamoa juda sekin edi (ba’zida 4 soniyagacha ortda qolardi). George jamoadoshi Robert Kubicani doim ortda qoldirgan, lekin mavsumdagi yagona ochkoni aynan Kubica Germaniyadagi yomg‘irli poygada qo‘lga kiritdi. George esa pit-stopda xato qilgan edi.

2020 yilda Williams biroz yaxshilandi, lekin bu natijalarda ko‘rinmadi. George bir necha bor ochkolarga yaqin kelgan, ammo omad yetishmadi. Burilish nuqtasi Sakhir 2020 bo‘ldi: Lewis Hamilton COVID sabab qatnasha olmadi va George uni Mercedesda almashtirdi. U deyarli Valtteri Bottasni kvalifikatsiyada yengdi va poygada yetakchilik qildi, ammo ikki marta noto‘g‘ri pit-stop hammasini buzdi. Shunga qaramay, u o‘z tezligini hammaga ko‘rsatdi.

2021 yilda, Williamsdagi so‘nggi mavsumida, u Belgiya 2021’da podiumga chiqdi va yana bir nechta kuchli poygalar o‘tkazdi. Nihoyat, u Mercedesga o‘tish imkoniyatini oldi va 2022 yilda Valtteri Bottas o‘rnini egallab, Lewis Hamiltoning jamoadoshiga aylandi.

Hamilton bilan o‘tgan 3 yil qiziqarli kechdi. 2022 yilda George Braziliyada ilk g‘alabasini qo‘lga kiritib, jamoadoshidan 35 ochko oldinda bo‘ldi. 2023 yilda esa Hamilton ancha kuchli bo‘lib, Georgeni 59 ochkoga ortda qoldirdi. Keyingi mavsumda yana George kuchliroq edi, lekin o‘sha paytda Hamiltonning Ferrariga o‘tishi ma’lum bo‘lgandi va jamoa ko‘proq unga e’tibor qaratgan.

2025 yilda 18 yoshli Kimi Antonelli Georgening yangi jamoadoshiga aylandi. George bu mavsumni juda kuchli o‘tkazib, Kanada va Singapurda g‘alaba qozondi, juda barqaror va tez haydovchi ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

2026 yilda George chempionlik uchun asosiy favoritga aylandi. Mercedes dastlabki 3ta poygada mutlaqo yetib bo‘lmas darajada kuchli ko‘rindi, lekin Antonelli yondirmoqda.

Va savol, u shuncha yil Williamsdagi qiyinchiliklar va Mercedesdagi mehnatlaridan keyin nihoyat chempion bo‘la oladimi?

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting