Erkin kurash. Qozogʻiston 2026-yilgi Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.
Erkin kurash bo'yicha 2026-yilgi Jahon chempionati 24-oktabrdan 1-noyabrgacha Qozogʻistonning Astana shahrida boʻlib oʻtadi.
United World Wrestling byurosi juma kuni yigʻilish oʻtkazib, hozirgi geosiyosiy vaziyat, ayniqsa xalqaro safarlarga taʼsir qilayotgan noaniqliklarni inobatga olgan holda, 2026-yilgi Jahon chempionati mezbonini oʻzgartirishga qaror qildi.
Avvalroq Bahraynning Manama shahri oʻtgan yili Zagrebda boʻlib oʻtgan yigʻilishda musobaqa mezboni sifatida tanlangandi. Biroq UWW va Bahrayn tomoni juma kuni qoʻshma bayonot berib, Jahon chempionati boshqa muddatga qoldirilganini maʼlum qildi.
Tekshiruv va tashkiliy inspeksiyalardan muvaffaqiyatli oʻtganidan soʻng, Qozogʻiston Kurash Federatsiyasi yangi mezbon sifatida tanlandi va musobaqa “Barys Arena”da oʻtkazilishi belgilandi.
Bu qaror Jahon chempionatining Astana shahriga qaytishini anglatadi. Mazkur shahar 2019-yilda ham muvaffaqiyatli tarzda Jahon chempionatiga mezbonlik qilgan edi. Oʻsha musobaqada 1000 ga yaqin polvon qatnashib, eng koʻp ishtirokchi yigʻilgan turnirlardan biriga aylangandi.
2019-yildagi kabi, bu safar ham toʻqqiz kun davom etadigan musobaqada “Barys Arena” tribunalarining toʻlib-toshishi kutilmoqda.
UWW milliy federatsiyalarni qoʻllab-quvvatlashda davom etishini bildirib, Astana-2026 Jahon chempionati taqvimi tez orada eʼlon qilinishini maʼlum qildi.