Dzyudo. Yaponiyalik mutaxassis surxondaryolik yosh dzyudochilarga master klass o‘tkazdi
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan hududlar dzyudosini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida xorijlik murabbiylar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgandi.
Ushbu yo‘nalishda faoliyatini Surxondaryo viloyatida boshlagan yaponiyalik mutaxassis Junna Kikuchi bilan shartnoma imzolandi. Asosiy maqsad - joylarda dzyudoni rivojlantirish, mahalliy murabbiylar bilan tajriba almashish, barcha darajadagi istiqbolli sportchilarni topish va saralashdan iborat.
Kikuchi Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, u yerda yosh dzyudochilar bilan uchrashdi. Tadbir davomida dzyudo vatani murabbiyi yoshlarga mahorat sabog‘i o‘tkazdi, texnika elementlarini namoyish etdi, professional bilimlari bilan o‘rtoqlashdi, o‘z tajribasini ular bilan baham ko‘rdi. Junna o‘zbek sportchilarining o‘z mahoratini oshirishga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanligini ta’kidladi.
Kikuchi terma jamoa murabbiylariga seleksiya ishlarida ham yordam beradi.
Yaponiyalik mutaxassisning faoliyati hududlar dzyudosini yanada rivojlantirish va milliy maktabning kadrlar salohiyatini mustahkamlashga muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi.