Dzyudo. Terma jamoamizning Dukentdagi mashg‘ulotlari reja asosida davom etmoqda
19-21 iyun kunlari Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida o‘tkaziladigan Grand Slam turniridan e’tiboran Los-Anjeles-2028 Olimpiadasi uchun reyting ballari uchun kurash boshlanadi.
Bundan tashqari, sentyabr oyida Nagoyada o‘tadigan XX Osiyo o‘yinlari, ketidan Ozarbayjon mezbonlik qiladigan kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionati dzyudochilarimizni kutmoqda.
Murabbiylar shtabi 2026 yilning ushbu nufuzli musobaqalariga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga alohida e’tibor qaratmoqda. Tog‘li Dukentda tashkil etilayotgan mashg‘ulotlar ham ushbu tayyorgarlikning muhim bir bosqichi hisoblanadi.
Erkaklar va ayollar terma jamoalarimizning ushbu tog‘li hududdagi mashg‘ulotlari funksional chidamlilikni oshirish, umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarlikni rivojlantirishga qaratilgan.