Dzyudo. Prezident olimpiadasi final bosqichiga tayyorgarlik muhokama qilindi
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan iqtidorli sportchi-yoshlarni eng quyi bo‘g‘indan boshlab saralash maqsadida shu yil 17 may sanasidan e’tiboran ilk marotaba "Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari" (15-17 yosh toifasida) sport musobaqalari o‘tkazila boshlagandi.
Uch bosqichdan (mintaqaviy (tuman-shahar), viloyat va Respublika) iborat kompleks musobaqaning barcha saralash bahslari yakuniga yetib, Respublika final bosqich ishtirokchilari aniqlandi. 24 noyabr - 4 dekabr kunlari oralig‘ida Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida 3-bosqich sifatida o‘tkaziladigan "Prezident olimpiadasi" sport musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Bugun O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida dzyudo musobaqasi ishtirokchilarining tayyorgarligiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. ZOOM platformasida o‘tgan yig‘ilishda Federatsiyaning barcha hududiy bo‘limlaridan mas’ullar ishtirok etdi. Federatsiya Bosh kotibi Aziz Sobirov raislik qilgan tadbirda "Prezident olimpiadasi"ga tayyorgarlik masalalari uhokama markazida bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, "Prezident olimpiadasi"da birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan sportchilar Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga qabul qilinadi.