Dzyudo. O‘zbekistonning «oltin dubli»: Kadet va yoshlarimiz Osiyoda tengsiz bo‘lishdi
To‘rt kun davomida Iordaniya poytaxti Amman shahri kadetlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi.
Musobaqaning so‘nggi ikki kuni yoshlar o‘rtasida jami 14 ta vazn toifasida qit’aning eng kuchli dzyudochilari aniqlandi. Xuddi o‘smirlar terma jamoamiz singari O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi ham 20 davlat orasida tengsiz ekanini amalda isbotladi. Yoshlarimiz 7 ta oltin, 2 ta kumush, 6 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni band etishdi.
Murosasiz kechgan bellashuvlar yakunida Qozog‘iston va Hindiston terma jamoalari kuchli uchlikdan joy oldi. Koreya Respublikasi, Xitoy Taypeyi, Qirg‘iz Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Tojikiston va Livan delegatsiyalari ham kamida bitta bronza medaliga ega chiqishdi.
Umumiy hisobda O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari to‘rt kunlik bellashuvlarda 18 ta oltin, 6 ta kumush, 11 ta bronza, jami 35 ta medallar shodasi bilan Vatanga qaytmoqda.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Indoneziyada o‘tgan va 21 davlat qatnashgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 8 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza, jami 14 ta medal bilan birinchi o‘rinni egallagandi. Bu yilgi Osiyo chempionatida yoshlarimizning medallari bittaga ko‘p bo‘ldi.