Dzyudo. Ozarbayjon O‘zbekistonning dzyudo bo‘yicha jahon chempionatini tashkil etish tajribasini o‘rganmoqda
4-11 oktyabr kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahri kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida Ozarbayjon dzyudo federatsiyasi bosh kotibi o‘rinbosari, sport direktori Kamran Talibov, Hududlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Orxan Mamedov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi bosh kotibi Aziz Sobirov, Hududlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Yuldashev, shuningdek, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) mutaxassisi Abdulla Muradov ishtirokida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarning asosiy mavzusi Bokuda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatini tashkil etish masalasi bo‘ldi. 2022 yilda kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatini yuqori saviyada o‘tkazgan O‘zbekistonning muvaffaqiyatli tajribasini inobatga olgan holda, Ozarbayjon tomoni Federatsiyamizning ishlanmalarini o‘rganishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv davomida tomonlar jahon taqvimidagi eng yirik turnirga tayyorgarlik ko‘rishning asosiy jihatlari, tashkiliy masalalarni muhokama qildilar va bunday miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha amaliy tajriba almashdilar. Olingan tavsiyalar Bokudagi jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonida foydalaniladi.