Dzyudo. Lev Yugay boshchiligida ilmiy tadqiqot yo‘nalishidagi ishlar muhokama qilindi
Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi.
Unda qator masalalar qatorida sport sohasidagi ilmiy yo‘nalish haqida ham gap borgan va davlat tomonidan rag‘batlantirilishi aytilgan edi. Agar olimlarning ilmiy ishi natija berib, sportchilarning yutuqlari va xalqaro musobaqalardagi medallari ko‘paysa, bunday olimlar 100 million so‘mdan mukofotlanadi.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida ayni mavzu bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. O‘zbek dzyudosi asoschilaridan biri, professor Lev Yugay ilmiy yo‘nalishda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi. Xususan, fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, zamonaviy o‘qitish metodikalarini joriy etish, shuningdek, ixtisoslashtirilgan ilmiy-uslubiy materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Lev Pavlovich Yugay dzyudo bo‘yicha tayyorgarlik tizimini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan bir qator fundamental ilmiy ishlar, monografiyalar va uslubiy qo‘llanmalar muallifidir.