Dzyudo. Lasha Gudjedjiani qalamiga mansub \"Sensey\" (\"Ustoz\") kitobining taqdimoti o‘tkazildi
Lasha Gudjedjiani qalamiga mansub "Sensey" ("Ustoz") kitobining taqdimoti o‘tkazildi
Dzyudo bo'yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Lasha Gudjedjiani nafaqat murabbiylik, balki ilmiy tomonlama ham o‘zini namoyon etmoqda.
Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida u tomonidan yozilgan "Sensey" ("Ustoz") nomli kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Unda murabbiyning do‘stlari, yaqinlari, shogirdlari, keng sport jamoatchiligi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ushbu kitob yosh dzyudochilar uchun manfaatli bo‘lib, Lasha Gudjedjianining sportdagi hayot yo‘li, sport psixologiyasi, sportchilarni yoshlikdan psixologik tomondan to‘g‘ri tayyorlash kabi mavzularni qamrab oldi.
Kitobda Gudgejiani dzyudodagi ko‘p yillik tajribasini umumlashtirib, sportchilarning ilk bosqichlardagi psixologik tayyorgarligiga alohida urg‘u beradi. Muallif psixologik holatni shakllantirish, yosh dzyudochilar bilan ishlash usullari va murabbiyning sportchi shaxsini tarbiyalashdagi o‘rnini tahlil qiladi.
Tbilisidagi tadbirda terma jamoa menejeri Asad Zokirjonov hamda terma jamoamiz sardori, Olimpiya o‘yinlari sovrindori, jahon chempioni Davlat Bobonov ham ishtirok etdi.