Dzyudo. Imtihondan muvaffaqiyatli o'tgan o'ttiz bir nafar referiga qit’aviy hakam unvoni berildi
Xabaringiz bor, Toshkentda ilk bor Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) shafe’ligida hakamlar uchun qit’aviy seminar (Tashkent IJF Continental Category Examination & Seminar) bo`lib o`tayotgandi.
Ushbu xalqaro seminarda yurtimiz referilaridan tashqari Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Hindiston, Yaponiya, Xitoy, Quvayt singari 12 davlatdan kelgan jami 34 nafar hakam qatnashdi.
Hakamlar avvaliga yozma imtihon topshirishdi. Keyin esa ular Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan Tashkent Cadet and Junior Asian Cup turnirida amaliy imtihondan o‘tishdi.

Uch kunlik nazariy va amaliy imtihon yakunlari bo'yicha 31 nafar referi tanlab olindi va ularga tegishli sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Imtihonlardan muvaffaqiyatli o'tganlar orasida o'zbekistonlik referilar - Baxtiyor Uzakberganov va Ahadjon Ro'ziboyev ham bor.
Tadbirda IJF Bosh referi direktorlari Armen Bagdasarov, Daniel Laskau, O'zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi, Osiyo dzyudo ittifoqi (JUA) vitse-prezidenti Azizjon Kamilov, JUA Bosh Referi direktori Osako Akinobu hamda JUA Referi direktori Asxat Jitkeyev ishtirok etib, hakamlarni yangi daraja bilan tabriklashdi va ularning kelgusi faoliyatiga omad tilashdi.