Dzyudo. Hududiy bo‘lim rahbarlari bilan kengaytirilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Buxoro shahrida davom etayotgan kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati doirasida Federatsiyasining hududiy bo‘lim rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Osiyo dzyudo ittifoqi vitse-prezidenti, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov boshchilik qilgan yig‘ilishda hududiy bo‘lim rahbarlari, Buxoro viloyati sport boshqarmasi mutasaddilari, Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan trener va mutaxassislar ishtirok etdi.
Uchrashuvda yakuniga yetib borayotgan 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar, hududlarda dzyudo sport turiga jalb qilingan sportchilar kontingenti, musobaqalardagi natijalari, mahalliy va hududiy musobaqalarni tashkil etish, sportchilarni saralash va milliy terma jamoaga jalb etish, trenerlar va xakamlarni tayyorlash, dopingga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar kabi bir nechta dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, 2026 yilda hududlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar muhokama qilindi.
Yig‘ilish so‘nggida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan ishlarni namunali tashkil etayotgan hududlarga minnatdorlik ramzi sifatida tashakkurnomalar topshirildi.