Dyu Plessi: «Yil yakuniga qadar Chimayevni magʻlub etib, kamarimni qaytarib olaman»
O‘rta vazn toifasida sobiq UFC chempioni, janubiy afrikalik Drikus dyu Plessi BAA vakili Hamzat Chimayevni revansh jangida mag‘lub etishni va yil yakuniga qadar 84 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida UFC kamarini qaytarib olishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
«Raqib kelib, menga qarshi jangga tushishi har doim yoqimli, chunki mening uslubim shunday — ommani xursand qilishni, muxlislarning hayqiriqlarini eshitishni yoqtiraman. Biroq Hamzat buni biladi va shuning uchun bunday uslubni tanladi. Yana bir bor ta’kidlamoqchiman, bu tomosha qilish uchun eng yaxshi jang bo‘lmaganini tushunaman.
To‘g‘risini aytsam, bu daxshatli jang edi, lekin Chimayev ushbu chempionlik unvonini qo‘lga kiritish uchun nima qilishi kerak bo‘lsa, shuni qildi. Bu uning uchun yaxshi. Mening vazifam esa — revanshda unga xuddi shu narsani takrorlashga yo‘l qo‘ymaslik va bunga erishish niyatidaman.
2026 yil uchun optimistik prognozim qanday? Men joriy yil yakuniga qadar kamarni o‘zimga qaytaraman», — deya dyu Plessining so‘zlarini keltiradi MMA Fighting portali.