Dominikan Respublikasi Panamerika Kurash chempionatida umumjamoa hisobida g’olib bo’ldi
Dominikan Respublikasining Santo Domin Chika shahrida kattalar, yoshlar va o’smirlar o’rtasidagi Panamerika Kurash chempionati muvaffaqiyatli yakunlandi. Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi taqvimidan o’rin olgan musobaqa Panamerika Kurash Ittifoqi hamda Dominikan Kurash Federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Qit’aning o’ndan ortiq davlatlari ishtirok etgan chempionatda mezbon Dominikan Respublikasi terma jamoasi 16 ta oltin, 10 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo’lga kiritib, umumjamoa hisobida ishonchli g’alabaga erishdi.
Kosta-Rika 2 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medal bilan ikkinchi, Kolumbiya esa 1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medal bilan uchinchi o’rinni egalladi. Shuningdek, Gaiti, Meksika, Peru va Venesuela vakillari ham sovrindorlar safidan joy oldi.
🎙Chempionatning ochilish marosimida ishtirokchi davlatlar delegatsiyalari tantanali parad bilan maydonga chiqdi. Musobaqani Panamerika Kurash Ittifoqi Prezidenti Jaime Casanova rasman ochiq deb e’lon qildi.
Ikki gilamda o’tkazilgan bahslar xalqaro ekspertlar Kim Eur Joong va Ishoq Zay Ajmal texnik nazorati ostida tashkil etildi.
Panamerika Kurash haftaligi doirasida o’tkazilgan ushbu chempionat Kurash sportining Amerika qit’asida tobora ommalashib borayotgani hamda xalqaro hamkorlikning izchil rivojlanayotganini yana bir bor namoyon etdi.