Dolzarb mavzuda o‘quv seminari o‘tkazildi
Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisod va moliya tizimida mutlaqo yangi strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimi joriy etilib, davlat organlari va tashkilotlari yangi talablar asosida takomillashtirilib borilmoqda.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirish maqsadida Sport vazirligida Iqtisodiyot va moliya vazirligi mutaxassislari bilan hamkorlikda 2027–2029-yillar uchun byudjet va budjetdan tashqari mablag‘larni budjet dasturlari kesimida ishlab chiqishi masalalari yuzasidan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘quv seminarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat budjeti siyosati departament bo‘lim boshlig‘i Sherxon Sayfutdinov boshchiligidagi vazirlik mutaxassislari, Sport vazirligi Markaziy apparati sohaviy boshqarmalari hamda vazirlik tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–388-son Qaroriga asosan Sport vazirligi tomonidan 2027–2029-yillar uchun budjet va budjetdan tashqari mablag‘larni budjet dasturlari kesimida ishlab chiqilishi va 2027 yil budjet loyihasida ko‘zda tutish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kiritilishi belgilangan.
Shu maqsadda, o‘quv-seminari davomida mazkur tizimni Sport vazirligida samarali joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, soha mutaxassislari ishtirokida mavzu yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.