Ding Liren: \"1-taxtada o'ynaganim to'g'ri qaror bo'ldi, elita shaxmatchilar bilan bemalol durang o'ynay olaman\"
Xitoyning "Dragon Chilling" jamoasi yetakchisi Ding Liren rapid va blits bo'yicha Jahon chempionatida qayd etilgan oltin dubl (ikkita oltin medal) haqida o'z taassurotlari bilan bo'lishdi.
"Bu shunchaki fantastika! Turnirdan oldin yigitlar bilan hazillashib: "Ikkita medal olsak qanday bo'larkin-a? Ayniqsa, ikkita oltin?", degandik. Va bu rostdan ham amalga oshdi. So'nggi turdan oldin Yu Yangyi tush ko'ribdi, tushida finalda yutqazayotgan emishmiz. Lekin u "tush doim teskari keladi", deb aytdi va bu rostdan ham biz uchun yaxshi ishora bo'ldi.
Tayyorgarligimiz ajoyib darajada edi deb o'ylayman. Meni 1-taxtaga qo'yishgani ham juda to'g'ri qaror bo'ldi, sababi mening eng kuchli tomonim — pozitsiyalarni ushlab qolish. Men qolgan TOP shaxmatchilarini juda yaxshi bilaman, ular bilan ko'p bor o'ynaganmiz. Shuning uchun ham ularga qarshi bemalol durang o'ynay olaman.
Asosiy yashirin qurolimiz esa, bilasizmi, Lu Shanley bo'ldi. U bizning top-uchligimizga qaraganda unchalik mashhur emasdir, ammo u haqiqiy blits ustasi. Lichess'da uning reytingi 2900 atrofida. U bu safar qanchalik kuchli ekanini amalda ko'rsatib, jamoamizning haqiqiy MVP (eng qimmatli o'yinchisi) ga aylandi.
Men o'zim ham biroz o'zgarganman, o'zimga bo'lgan ishonch ortdi. Ha, hozirda raqib durang taklif qilsa ham, ba'zida g'alaba uchun oxirigacha kurashyapman. Va bundan judayam xursandman. Imkoniyatlar doim topiladi.
Oldinlari ba'zi turnirlarda menda hozirgidek ishtiyoq bo'lmasdi, o'yindan zavq olmasdim. Chunki partiya davomida o'zimda doimiy bosim va qandaydir qiyinchilik his qilardim. Lekin bu musobaqada, qaysidir lahzada men shunchaki o'yindan rohatlanishni boshladim. Hatto ba'zi yutqazgan partiyalarimda ham — masalan, mashhur grossmeyster Aleksey Shirovga qarshi o'yinda. Taxtada fantastik jang bo'ldi. Men yutqazdim, lekin o'yinning borishidan chinakamiga maza qildim", — deydi Ding Liren.