Denovdagi kurash musobaqasida taniqli polvon pichoqlab oʻldirildi
9-may kuni Surxondaryo viloyati Denov tumanida mudhish voqea sodir boʻldi. Tuman tibbiyot texnikumi oʻyingohida oʻtkazilgan milliy kurash musobaqasi inson oʻlimi bilan yakunlandi.
Musobaqa davomida Nizomiddin polvonning oʻgʻli Ayubxon Xurramov raqibi Bo‘stonbek Jabborov ustidan gʻalaba qozongan. Ukasining magʻlubiyatidan gʻazablangan Doston Jabborov kutilmaganda Nizomiddin polvonning orqa tomonidan kelib, unga pichoq bilan bir necha bor zarba bergan.
Ogʻir tan jarohati olgan Nizomiddin Cho‘tboyev zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Biroq, koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, polvon jonlashtirish boʻlimida vafot etgan. Ekspertiza xulosasiga koʻra, marhumning tanasiga toʻrtta ogʻir pichoq zarbasi berilgan boʻlib, ular ichki organlarni teshib oʻtgan.
Mazkur holat yuzasidan Denov tuman prokuraturasi tomonidan Doston Jabborovga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismo “l” bandi (Bezorilik oqibatida qasddan odam oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchi ushlangan va hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, gumonlanuvchi Doston Jabborov muqaddam sudlangan shaxs boʻlgan.