Dastin Porye mast holatda hibsga olingani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
Yengil vazn toifasida (70 kg gacha) UFC sobiq vaqtinchalik chempionlik kamari sohibi, 37 yoshli amerikalik Dastin Porye kecha, 21-iyun kuni jamoat joyida mast holatda boʻlgani uchun ushlangani toʻgʻrisidagi xabarlarga izoh berdi.
«Barchangizni yaxshi koʻraman. Men oʻz ustimda ishlayapman», — deya yozib qoldirdi Porye oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Hozirgi vaqtda Dastin allaqachon qoʻyib yuborilgan va erkinlikda. Taʼkidlash joizki, Jorjiya shtatida jamoat joyida mast holatda paydo boʻlganlik uchun ayblov tasdiqlangan taqdirda, bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va/yoki jarima jazosi xavf solishi mumkin.
Porye oʻzining aralash yakkakurashlardagi professional faoliyati davomida 30 ta gʻalaba (shulardan 24 tasi muddatidan oldin) qayd etgan, 10 bor magʻlubiyatga uchragan va uning ishtirokidagi bitta jang oʻtkazilmagan deb topilgan.