Dastin Porye: \"Konor Makgregor haqiqiy jangchi\"
UFC'ning sobiq vaqtinchalik yengil vazn chempioni Dastin Porye irlandiyalik jangchi Konor Makgregor haqida iliq fikr bildirib, uni haqiqiy jangchi deb atadi.
Poryening ta'kidlashicha, oktagondagi keskin raqobatga qaramay, u Makgregorga doimo hurmat bilan qaraydi.
"Konor — haqiqiy jangchi. Biz oktagonda uch marta to‘qnash kelganmiz va oramizda jiddiy raqobat bo‘lgan. Lekin men uning jangchi sifatidagi fazilatlarini doimo hurmat qilaman", — dedi Porye.
Eslatib o‘tamiz, Porye va Makgregor UFC'da uch marta o‘zaro jang qilgan. Birinchi bahsda g‘alaba Makgregor tomonida bo‘lgan bo‘lsa, keyingi ikki to‘qnashuvda Porye raqibidan ustun kelgan. Ularning so‘nggi jangi UFC 264 turnirida Makgregorning oyog‘i sinib qolishi sabab birinchi raund yakunida texnik nokaut bilan yakunlangan.