Dastin Porye hibsga olinishining ijobiy tomonini aytdi
UFC sobiq vaqtinchalik yengil vazn chempioni Dastin Porye iyun oyida hibsga olingan voqea hayotiga jiddiy ta’sir qilganini tan oldi. 37 yoshli amerikalik jangchi ushbu holat og‘riqli bo‘lganiga qaramay, balki aynan shu voqea unga kerak bo‘lganini ta’kidladi.
21-iyun kuni Porye mast holatda jamoat joyida bo‘lgani sabab samolyotdan tushirilgan va keyinchalik politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Politsiya xodimining tana kamerasidagi videoda jangchining huquq-tartibot vakili bilan tortishgani, shundan so‘ng unga kishan taqilgani aks etgan.
Poryening aytishicha, ushbu voqeadan keyin u alkogolga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishga qaror qilgan. Jangchi farzandlari uni mast holatda hech qachon ko‘rmasligini istashini ta’kidlab, o‘z oilasida davom etib kelgan salbiy odatga aynan o‘zi nuqta qo‘ymoqchi ekanini bildirgan.
Shuningdek, Porye uzoq yillardan beri ruhiy muammolar bilan kurashib kelayotganini va hozir ham terapiyada o‘rgangan usullaridan har kuni foydalanishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday muammolar birdaniga yo‘qolib ketmaydi va u o‘z holatini nazorat qilish uchun muntazam ravishda o‘z ustida ishlashda davom etmoqda.