Chempion Muhammadjon Qurbonov nega Octagon League’ni tark etdi?
Yarim yengil vazn toifasidagi Octagon League sobiq chempioni, o‘zbekistonlik aralash jang ustasi Muhammadjon Qurbonov faoliyatidagi o‘zgarishlar va ligani tark etish sabablari haqida fikr bildirdi.
“Biroz tanaffus olishimga jarohatlarim sabab bo‘ldi. Ulardan to‘liq tuzalib, qayta kuch to‘pladim va Naiza League’da debyut o‘tkazdim. Alhamdulillah, barchasi yaxshi bo‘ldi,” — dedi Qurbonov Olamsport muxbiri Sarvinoz Rahmonqulovaga bergan intervyusida.
Muhammadjon liga almashtirish qarorini quyidagicha izohladi:
“Octagon League’da gonorar pastligi men uchun jiddiy masala edi. Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda ular bilan munosabatlarimiz iliq bo‘lmay qoldi — bir-birimizni tushunmay qo‘ydik. Naiza esa biz bilan yaxshi aloqa o‘rnatdi, tushunishadi. Shu sababli ularning taklifini qabul qildik.”
Ma’lumot uchun:
33 yoshli Qurbonov professional faoliyati davomida 17 ta jang o‘tkazgan, ularning 13 tasida g‘alaba qozongan va 4 marta mag‘lub bo‘lgan.