Charlz Oliveyra: “Islom Maxachev – hozirgi MMA'dagi eng yaxshi jangchi”
UFC sobiq yengil vazn chempioni Charlz Oliveyra hozirgi aralash jang san'atidagi eng kuchli sportchi sifatida Islom Maxachevni e'tirof etdi. Braziliyalik jangchi bunday fikrini rossiyalik chempionning ko‘p qirrali mahorati va doimiy ustun natijalari bilan izohladi.
Oliveyraning ta'kidlashicha, Maxachev nafaqat kurashda, balki tik turgan holatdagi janglarda ham yuqori darajani namoyish etmoqda. Uning fikricha, Islom deyarli har bir raqibiga moslasha oladi va aynan shu jihati uni boshqalardan ajratib turadi.
“Menimcha, hozirgi kunda eng yaxshi jangchi – bu Islom Maxachev. U har tomonlama mukammal sportchi va buni har bir jangida isbotlab kelmoqda”, — dedi Oliveyra.
Eslatib o‘tamiz, Charlz Oliveyra va Islom Maxachev 2022-yilda UFC chempionlik jangi doirasida to‘qnash kelgan edi. O‘shanda Maxachev ikkinchi raundda bo‘g‘ish usuli bilan g‘alaba qozonib, yengil vazn toifasi chempioniga aylangandi. Shundan buyon u o‘z mavqeini saqlab qolib, dunyoning eng kuchli MMA jangchilaridan biri sifatida e'tirof etilmoqda.