Cadet and Junior Asian Cup Tashkent 2026. Umumiy hisobda 71 ta medal qo‘lga kiritdik!
To‘rt kun davomida Olimpiya shaharchasidagi Yakkakurashlar arenasi Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlangan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo ochiq Kubogiga mezbonlik qildi.
Cadet and Junior Asian Cup Tashkent 2026 musobaqasida dunyoning 10 dan ortiq davlatidan kelgan 1500 nafarga yaqin iste’dod egalari ikki yosh toifasida tashkil etilgan murosasiz bellashuvlarda o‘z mahoratlarini namoyish qildi.
Quvonarlisi, ham kadetlar, ham yoshlar o‘rtasidagi musobaqada O‘zbekiston terma jamoalari mutlaq ustunlik bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Aurelian Chiprian-Flis bosh murabbiyligidagi kadetlarimiz 13 ta oltin, 9 ta kumush, 16 ta bronza, Iskandar Rasulov boshchiligidagi yoshlarimiz esa 9 ta oltin, 9 ta kumush, 15 ta bronza medaliga ega chiqishdi. Ikki terma jamoamiz umumiy hisobda 71 ta medalni O‘zbekistonda olib qolishdi.
Bir so‘z bilan aytganda, bir necha yildan beri muvaffaqiyatli tashkil etib kelinayotgan ushbu musobaqa o‘zbekistonlik dzyudochilarning yangi avlodi tayyorgarligining yuqori darajasi, milliy terma jamoaga munosib izdoshlar yetishib kelayotganini yana bir bor tasdiqladi.