Buxoroda voleybol sport turi bo‘yicha xalqaro darajadagi seminar tashkil etildi
Buxoro viloyatida voleybol sport turi rivojiga bag‘ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xalqaro tajribaga ega mutaxassislar, murabbiylar hamda oliy ta’lim vakillari ishtirok etdi.
Buxoro viloyati sport boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur seminarda FIVB (Xalqaro voleybol federatsiyasi) instruktori Moro Branislav, O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Zokir Nosirov, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi o‘rinbosari Jamshid Fayziyev ishtirok etdi.
Tadbir davomida Buxoro davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, viloyatdagi voleybol murabbiylari hamda sport mutaxassislari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda voleybol sport turining o‘quv jarayoniga zamonaviy yondashuvlar, xalqaro standartlar asosida mashg‘ulotlar tashkil etish, sportchilarni tayyorlash sifati va metodikasini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, seminar ishtirokchilari uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, FIVB instruktorining tajriba asosidagi tavsiyalari bilan o‘rtoqlashildi.