Buxoroda kurash bo’yicha O’zbekiston chempionatining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi
Buxoro olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida kurash bo‘yicha U-15 yosh toifasidagi o‘smirlar (o‘g‘il-qizlar) o‘rtasida O‘zbekiston chempionati yuqori saviyada tashkil etilib, davom etmoqda.
Mazkur nufuzli musobaqada respublikamizning barcha hududlaridan kelgan 700 ga yaqin iqtidorli yosh polvonlar ishtirok etib, o‘z mahorat va imkoniyatlarini namoyon etmoqda.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi, Kurash federatsiyasi viloyat bo‘limi rahbari Botir Zaripov ishtirok etib, yig‘ilganlarni samimiy qutladi hamda barcha ishtirokchilarga omad va zafarlar tiladi. O‘z nutqida u mamlakatimizda milliy sport turlarini, xususan, kurashni rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, Kurash federatsiyasi tomonidan Buxoro viloyatida kurash sportini rivojlantirishga qo‘shayotgan salmoqli hissasi uchun Botir Zaripov hamda viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov tantanali ravishda taqdirlandi.
Musobaqa doirasida bir qator vazn toifalarida murosasiz va qiziqarli final bahslari o‘tkazilib, unda g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ular diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash joiz, mazkur chempionat yosh sportchilar uchun katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda hamda kelgusida yuqori natijalarga erishishlari uchun muhim bosqichlardan biri hisoblanadi.