Birinchi liga: yangi iste’dodlar va katta yutuqlar mavsumi
Birinchi liga musobaqasi kutilganidek eng kuchli tarkibga ega bo‘lgan “Guliston” futzal jamoasining g‘olibligi bilan yakunlandi. Ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng Sirdaryo viloyatining bosh jamoasi yana kuchlilar safiga — Oliy ligaga qaytdi. Bu muvaffaqiyatda, albatta, viloyat sportiga befarq bo‘lmagan, futzal kelajagi uchun jon kuydirgan fidoyi mutaxassislar hamda tashabbuskor rahbarlarning hissasi beqiyos bo‘ldi.
Sirdaryoliklar butun mavsum davomida barqaror o‘yin namoyish etishdi. Yosh murabbiy Ravshan Tolipov boshchiligidagi jamoa 14 uchrashuvning 12 tasida g‘alaba qozondi. Faqatgina respublikaning eng shimoliy hududlari vakillari — “Aral” va “Xorazm” jamoalari “Guliston”dan bittadan ochko tortib olishga muvaffaq bo‘lishdi. Raqiblar darvozasiga 90 ta gol urgan “Guliston” liganing eng sermahsul jamoasiga aylandi. Shu bilan birga, ular himoyada ham ishonchli o‘yin ko‘rsatib, eng kam gol o‘tkazgan
jamoa sifatida ham ajralib turishdi.
Jamoa sardori Bekzod Jumaboyev 25 ta gol bilan Birinchi liga to‘purari bo‘ldi. Shuningdek, muqaddam Oliy liga havosidan bahramand bo‘lgan Botirbek Rizayev va Dilshod Fayziyevlar ham to‘purarlar ro‘yxatining yuqori pog‘onalaridan joy oldi. Bu esa “Guliston” jamoasi mavsum avvalidayoq katta maqsadlarni ko‘zlab, tarkibni puxta shakllantirganini ko‘rsatadi.
Musobaqa kumush medallarini qo‘lga kiritgan “Xorazm” jamoasi natijasi ham alohida e’tiborga loyiq. G‘olib jamoa bilan so‘nggi turda jangovar durang qayd etgan urganchliklar Oliy ligaga o‘tish uchrashuviga yo‘llanmani ham qo‘lga kiritishdi. Tajribali mutaxassis Furqat Xayrullayev boshchiligida jamoa turdan turga o‘yinini yaxshilab bordi va yakunda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishdi. Shu o‘rinda muxlislar O‘zbekiston futzal tarixidagi ilk chempion — 1996 yilgi mavsumda g‘olib bo‘lgan “Ro‘zmat Madaminov” jamoasini ham yaxshi eslashadi.
Bronza medallarini esa Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Aral” jamoasi qo‘lga kiritdi. Mavsum davomida namoyish etilgan mazmunli va intizomli o‘yinlar ushbu hududda futzalga bo‘lgan qiziqish qanchalik yuqori ekanini yana bir bor isbotladi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda futzalning qayta rivojlanishi, uning ommaviy tus olishi hamda mahalliy jamoalarning yuqori natijalarga erishishi O‘zbekiston futzal federatsiyasi rahbariyatining hududlarga qilgan tashriflari va olib borilgan samarali ishlari natijasi sifatida baholanmoqda.
Musobaqada Jizzax viloyatining “Politehnik”, Andijonning “Bobur”, Surxondaryoning “TerDU” jamoalari, shuningdek, O‘zbekiston yoshlar terma jamoalarining ishtiroki ham muxlislar diqqat markazida bo‘ldi. Jizzax futbol akademiyasining 16–17 yoshli tarbiyalanuvchilari uchun esa bu mavsum katta tajriba maktabi vazifasini o‘tadi.