Birinchi liga shiddatli kurashlar bilan boshlandi
O‘zbekiston futzal federatsiyasi
tomonidan mamlakat milliy birinchiligi bahslari bir yillik tanaffusdan so‘ng yana qayta tiklandi. Musobaqaning dastlabki tur uchrashuvlari Jizzax shahridagi Futbol akademiyasi sport zalida yuqori saviyada va katta uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.
Birinchi liga bahslarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo, Sirdaryo, Andijon hamda Jizzax viloyatlaridan jamoalar ishtirok etmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston futzal federatsiyasi mamlakat milliy terma jamoasi uchun munosib zaxira tayyorlash maqsadida 2008–2009 yillarda tug‘ilgan futbolchilardan iborat O‘zbekiston yoshlar terma jamoasini ham Birinchi liga ishtirokchilari safiga qo‘shdi.
Ilk tur uchrashuvlari juda qiziqarli va murosasiz kurashlar ostida o‘tdi. Katta futzalni sog‘inib qolgan Sirdaryo viloyatining “Guliston” jamoasi uchta o‘yinning barchasida g‘alaba qozonib, yakka peshqadamga aylandi. Shuningdek, sportga katta e’tibor qaratayotgan Termiz davlat universiteti jamoasi ham muxlislarda iliq taassurot qoldirdi. TerDU jamoasi bilan bir qatorda Jizzax politexnika universiteti jamoasi ham ikkitadan g‘alabani qo‘lga kiritib, mos ravishda 2–3-o‘rinlarni egallab turibdi.
1-tur doirasida jamoalar jami 12 ta uchrashuv o‘tkazishdi. Ushbu o‘yinlarda darvozalarga 90 ta to‘p kiritilib, o‘rtacha har bir uchrashuvda 7,5 tadan gol qayd etildi. Jamoalar sermahsul va tomoshabop futzal namoyish etishdi. Bu borada “Politechnik”, “Guliston”, TerDU hamda “Bobur” jamoalarini alohida ta’kidlash mumkin. Faqatgina Jizzax futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari hozircha bironta ochko jamg‘ara olishmadi.
Ma’lumot uchun, Birinchi liga bahslari to‘rtta turdan iborat bo‘lib, har oyda bittadan tur o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Birinchilik mart oyida o‘z yakuniga yetadi. Musobaqa g‘olibi kelasi mavsumda Oliy ligada ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Shuningdek, mamlakat birinchiligi ishtirokchilari bahor faslida start oladigan O‘zbekiston Kubogi musobaqasida ham qatnashishlari ko‘zda tutilgan.