Bexruz Samiyev: \"BMB jamoasiga qarshi o‘ziga yarasha hisob-kitoblarimiz bor\"
Xabaringiz bor, 2-iyun sanasida O‘zbekiston kubogi final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Bosh sovrin uchun "BMB PFC" hamda “Oil Star PFK” jamoalari kurash olib boradi.
Biz mazkur bahs oldidan “Oil Star PFK” jamoasi to‘purari Bexruz Samiyev o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi:
"Yana asosiy raqibimiz BMB jamoasiga qarshi maydonga chiqish arafasidamiz. O‘zbek futzali muxlislari taʼbiri bilan aytganda “futzaldagi el klasiko” bizni kutmoqda. Ikki jamoaning finalgacha bosib o‘tgan yo‘liga barcha guvoh bo‘lishdi.
O‘ylaymanki, finalga ikki jamoa ham loyiq edi va yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. BMB - "Oil Star" bahsi har doim tomoshabop, muxlislar uchun juda qiziqarli, sifatli va shiddatli bo‘lib keladi. Bu galgi final ham bundan mustasno emas.
BMB jamoasiga qarshi o‘ziga yarasha hisob-kitoblarimiz bor. O‘tgan yilgi kubok finalida penaltilar seriyasida omad raqibga kulib boqqan. Oradan vaqt o‘tib yana revansh olish imkoniyati paydo bo‘ldi. Nasib bo‘lsa, bu gal kubokni Buxoroga olib ketish niyatidamiz. Jamoamiz tarkibi ancha yoshargan va biz yangilangan tarkibda finalga qadar yetib keldik.
Final juda ham qiziqarli bo‘ladi, deb o‘ylayman. 2-iyun kuni barcha futzal muxlislarini "Yunusobod" sport majmuasiga chorlab qolamiz. Biz muxlislarimizni quvontirish uchun maydonga tushamiz",-deydi futzalchi