Belbog‘li kurash bo‘yicha “Barkamol avlod – 2025” Respublika final bosqichi boshlandi
Bugun Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahrida “Barkamol avlod – 2025” sport musobaqalari doirasida belbog‘li kurash bo‘yicha Respublika final bosqichiga tantanali ravishda start berildi.
Mazkur nufuzli musobaqaning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati Sport boshqarmasi, viloyat kasbiy ta’lim boshqarmasi hamda O‘zbekiston Talabalar sporti assotsiatsiyasi mas’ul vakillari sportchilar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Respublikaning barcha hududlaridan tashrif buyurgan akademik litseylar va kasbiy ta’lim muassasalarining iqtidorli o‘quvchi-yoshlari ushbu final bosqichida ishtirok etib, belbog‘li kurash bo‘yicha o‘z mahorat va tayyorgarliklarini namoyish etmoqda.
Musobaqa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, milliy sport turlarini rivojlantirish hamda iqtidorli sportchilarni saralab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.