Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo'yicha mamlakat chempionati start oldi
Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo'yicha mamlakat chempionati start oldi.
Shu kunlarda Toshkent dengizida baydarka va kanoeda eshkak eshishning marafon masofalari bo‘yicha U18 va undan kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqada 150 nafardan ziyod sportchi g‘oliblik uchun kurash olib boryapti.
Chempionat dasturiga 2 000, 5 000 va 10 000 metr masofalar kiritilgan bo‘lib, har bir yo‘nalishda sportchilardan yuqori chidamlilik, kuch va to‘g‘ri taktika talab etiladi. Ayniqsa, uzoq masofalardagi bahslar haqiqiy sinovga aylanmoqda.
Musobaqada Toshkent shahri, Samarqand, Navoiy, Namangan, Farg‘ona, Andijon hamda Toshkent viloyati vakillari ishtirok etmoqda. Har bir jamoa o‘z hududi sharafini munosib himoya qilish va terma jamoa safidan joy olish uchun bor imkoniyatini ishga solishdi.
Mazkur chempionat nafaqat mamlakat chempionlarini aniqlab beradi, balki istiqbolli yosh sportchilarni kashf etish va kelgusi xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish yo‘lida muhim bosqich vazifasini o‘taydi.
O'zbekiston chempionati 27-fevral kuni yakunlanadi.