Baxromjon Gaziyev ot ustida kamondan otish bo‘yicha Bosh Assambleyada O‘zbekiston nomidan ishtirok etmoqda
7–10 mart kunlari Vengriyada ot ustida kamondan otish — horseback archery sport turini rivojlantirishga bag‘ishlangan Bosh Assambleya bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur yig‘ilishda dunyoning turli mamlakatlaridan, jumladan Italiya, Shveytsariya, Vengriya, AQSh, Angliya, Germaniya, Indoneziya, Fransiya, Tayvan, Xitoy, Malayziya va boshqa davlatlardan vakillar ishtirok etmoqda. Assambleya davomida mutaxassislar hamda milliy federatsiyalar vakillari ushbu tomoshabop va tarixiy ahamiyatga ega sport turini xalqaro miqyosda rivojlantirish masalalarini muhokama qilmoqdalar.
O‘zbekiston Respublikasi nomidan Bosh Assambleyada O‘zbekiston ot ustida kamondan otish federatsiyasi vakillari Mumina Daminova va Madina Baxtiyorova hamda federatsiya raisi Baxromjon Gaziyev ishtirok etishmoqda. Shuningdek, Osiyo ot sporti federatsiyasi vitse-prezidenti hamda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi hisoblanadi.
Assambleya doirasida ot ustida kamondan otishni ommalashtirish, mamlakatlar o‘rtasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish, shuningdek, ot sportining ushbu yo‘nalishini yanada rivojlantirish va targ‘ib qilish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
O‘zbekiston vakillarining bunday nufuzli xalqaro uchrashuvlarda ishtirok etishi xalqaro aloqalarni mustahkamlashga, ot sportini rivojlantirishga hamda mamlakatimizda ot ustida kamondan otish an’analarini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.