“Barselona” afsonasi Jerar Pike Javohir Sindarovga murojaat yo‘lladi
“Barselona” va Ispaniya terma jamoasi sobiq futbolchisi Jerar Pike o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov ishtirok etgan FYERS American Gambits jamoasini Tech Mahindra Global Chess League-2026 turniridagi natijasi bilan tabrikladi. Pike videomurojaatida jamoaning o‘yinidan faxrlanishini bildirib, kelajakda chempionlik uchun kurashishlariga ishonch bildirdi. Bu haqda ProSport xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Hindistonning Bengaluru shahrida o‘tkazilgan musobaqada FYERS American Gambits uchinchi o‘rinni egalladi. Jamoa bronza uchun bahsda CheQ Mumba Mastersga qarshi ikkita uchrashuv o‘tkazib, ularni 3,5:2,5 va 4:2 hisoblarida mag‘lub etdi.
Javohir Sindarov turnir davomida jamoaning Icon Board — birinchi taxtasida dona surdi va kuchli natijalar qayd etdi. O‘zbekistonlik grossmeyster Vishvanatan Anand, Alireza Firuzja va Yan Nepomnyashchiy kabi taniqli shaxmatchilarga qarshi muhim ochkolar jamg‘arib, jamoasining sovrinli o‘rin egallashiga katta hissa qo‘shdi.
Ma’lumot uchun, Jerar Pike 2026-yil avgustida FYERS American Gambits jamoasining strategik aksiyadoriga aylangan. Shu sabab u jamoaning Global Chess League’dagi ishtirokini yaqindan kuzatib bormoqda.