AVC U18 Beach Volleyball Championship musobaqasi tantanali ravishda yakunlandi
Toshkent shahri mezbonlik qilgan U18 yosh toifasidagi Osiyo sohil voleyboli chempionati o‘z nihoyasiga yetdi. Bir necha kun davomida davom etgan nufuzli musobaqa yuqori saviya, keskin raqobat va yorqin sport lahzalari bilan voleybol ixlosmandlariga unutilmas taassurotlar ulashdi.
Mazkur chempionatda Osiyo voleybol konfederatsiyasiga a’zo davlatlardan jami 15 ta terma jamoa ishtirok etdi. Musobaqalarda 25 ta o‘g‘il bolalar va 23 ta qizlar jamoalaridan 100 nafardan ortiq yosh sportchilar Osiyo chempionligi uchun bahs olib bordilar. Har bir uchrashuvda sportchilarning mahorati, tezkorligi, jamoaviy hamjihatligi va g‘alabaga bo‘lgan intilishi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Musobaqaning tantanali yopilish va taqdirlash marosimida O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi o‘rinbosari Jamshid Shukurullayevich Fayziyev, federatsiya raisi maslahatchisi Anvarjon Muydinjanov hamda federatsiya bosh kotibi Farhod Sharipovich Alimov ishtirok etdilar. Shuningdek, Osiyo voleybol konfederatsiyasi vakillari, xalqaro hakamlar va tashkiliy qo‘mita a’zolari ham musobaqaning yuqori saviyada tashkil etilganini alohida e’tirof etdilar. Xususan, Maldiv, Hindiston, Tailand, Shri-Lanka hamda Saudiya Arabistonidan tashrif buyurgan xalqaro mutaxassislar va hakamlar musobaqa jarayonlarida faol ishtirok etdi.
Taqdirlash marosimida musobaqani tashkil etishga munosib hissa qo‘shgan xalqaro mehmonlar, texnik delegatlar va hakamlarga O‘zbekiston voleybol federatsiyasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
Qizlar o‘rtasida:
1-o'rin. Xitoy
2-o'rin. Avstraliya
3-o'rin. Qozog‘iston
O‘g‘il bolalar o‘rtasida:
1-o'rin. Avstraliya
2-o'rin. Qozog‘iston
3-o'rin. Qatar