Assaubayevaning onasi Olimpiadada Javohir Sindarov va O‘zbekiston terma jamoasini qo‘llab-quvvatlamoqda
Qozog‘istonlik grossmeyster Bibisara Assaubayevaning onasi Liana Tanjarikova Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasiga muxlislik qilayotganini ma’lum qildi. U O‘zbekiston tarkibidan ayniqsa Javohir Sindarovni alohida qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi. Bu haqda Tanjarikova ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
“Ayollar bahsida, albatta, Qozog‘istonga muxlislik qilaman. Qizlarimiz oltin medal uchun bor kuchini ishga solishi kerak. Erkaklar o‘rtasida esa O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlayman. Jamoa juda yosh, iqtidorli va maqsadga intiluvchan. Ayniqsa, Javohir Sindarovga chin dildan muxlislik qilyapman”, - dedi Tanjarikova.
Uning aytishicha, O‘zbekistonga bo‘lgan iliq munosabat bolaligi bilan ham bog‘liq. Tanjarikova Janubiy Qozog‘istondagi o‘zbek mahallasida ulg‘ayganini qayd etib, ikki mamlakatning Olimpiadadagi ishtirokini shunchaki raqobat emas, balki qardosh xalqlar uchun o‘ziga xos shaxmat bayrami sifatida qabul qilishini bildirgan.
Ma’lumot uchun, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi 15–27-sentyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilmoqda. Musobaqaning amaldagi chempioni Hindiston hisoblanadi — ushbu mamlakat 2024-yili Budapeshtda o‘tgan 45-Olimpiadada ham erkaklar, ham ayollar bahsida oltin medallarni qo‘lga kiritgan.