Anvar Anvarov Xitoydagi “Yorqin liga”ning birinchi bosqichida ishtirok etdi
Xitoyning Syamen shahrida yengil atletika bo‘yicha “Yorqin liga” musobaqalarining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Erkaklar o‘rtasida uzunlikka sakrash bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi vakili Anvar Anvarov qatnashdi.
Anvarov birinchi urinishda 7,87 metr natija ko‘rsatdi. Keyingi ikki harakati muvaffaqiyatsiz bo‘lgani sababli u umumiy natijalar jadvalida o‘n nafar ishtirokchi orasida oxirgi o‘rinni egalladi. Shunga qaramay, bu uning joriy mavsumdagi eng yaxshi natijasi bo‘ldi. Endi 24 yoshli sportchi 3 may kuni Shanxayda o‘tadigan “Yorqin liga”ning ikkinchi bosqichida ishtirokini davom ettiradi.
Syamendagi musobaqada besh nafar sportchi sakrashda sakkiz metrlik ko‘rsatkichni zabt etdi. G‘alabani Xitoy vakili, Osiyo chempioni Minkum Chjan 8,18 metr natija bilan qo‘lga kiritdi. Avstraliyalik Liam Adkok (8,15 m) ikkinchi o‘rinni, amerikalik Markiz Dendi (8,10 m) esa uchinchi o‘rinni egalladi.