Antaliyada o‘tayotgan Jahon chempionatida O‘zbekiston shaxmatchilaridan yorqin natija
Joriy yilning, 16–21-dekabr kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida 9–17 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha rapid va blits yo‘nalishlarida Jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
Nufuzli musobaqada 33 davlatdan 314 nafar sportchi qatnashmoqda. O‘zbekiston ushbu chempionatda 36 nafar yosh va iste’dodli shaxmatchilar bilan ishtirok etib, jahon miqyosida munosib raqobat ko‘rsatmoqda.
Rapid yo‘nalishi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, jami 6 ta medal bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.
Medal sohiblari:
– Omonov Asrorjon — 17 yoshgacha, oltin
– Begmuratov Humoyun — 15 yoshgacha, oltin
– Olimova Ruqiya — 13 yoshgacha (qizlar), oltin
– Halilova Madinabonu — 15 yoshgacha (qizlar), kumush
– Botiraliev Abdimajid — 13 yoshgacha, kumush
– Nematillaxonov Nurmuhammad — 9 yoshgacha, bronza
Shuningdek, chempionatda reytingi yuqori bo‘lgan bir qator o‘zbekistonlik shaxmatchilar ham munosib ishtirok etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 19-dekabr kuni blits yo‘nalishi bo‘yicha bahslar start oladi. Uchrashuvlar Toshkent vaqti bilan soat 17:00 dan boshlanadi.