Andijon hududiy chempionlarni chorlaydi!
Mamlakatimiz futzal ishqibozlari yana bir qiziqarli musobaqa arafasida turibdi. Shu yilning 26-31-may sanalarida Andijon shahridagi “Universal” sport majmuasida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Oʻzbekiston futzal federatsiyalari sha'feligida hududiy liga gʻoliblari oʻrtasida Respublika turniri oʻtkaziladi.
Musobaqada mamlakatimizning barcha viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Toshkent shahridan jami 18 ta jamoa ishtirok etishi kutilmoqda. Kecha OʻFAda mazkur musobaqaga qur'a tashlash marosimi bo'lib oʻtdi.
Zoom tizimi orqali barcha ishtirokchi jamoalar murabbiylari ko'z o'ngida onlayn holda tashlangan qur'aga koʻra jamoalar 3 tadan 6 ta guruhga taqsimlandi.
Musobaqa Reglamentiga muvofiq oʻyinlar bir davrali tizimda oʻtkaziladi. Guruhlarda birinchi oʻrinni egallagan jamoalardan tashqari eng yaxshi koʻrsatkichni qayd etgan ikkinchi oʻrin sohiblaridan yana ikkitasiga pley-off yoʻllanmasi beriladi. Chorak finaldan e'tiboran esa oʻyinlar olimpiya tizimida davom etadi.
Respublika turniri gʻolibi maxsus kubokdan tashqari iyun oyida Jizzax shahrida bo'lib o'tadigan mamlakat milliy chempionati – Oliy ligaga oʻtish turnirida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritadi.